«Buxoro yoshlari» gazetasi

“BUXORO YoShLARI”  GAZETASI TAHRIRIYATI
N I Z O M I
1. UMUMIY QOIDALAR

1.1. “Buxoro yoshlari” gazetasi (bundan buyon matnda “Gazeta” deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonun hujjatlariga muvofiq, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Buxoro viloyati Kengashi (bundan buyon matnda “Muassis” deb yuritiladi) tomonidan ta’sis etilmoqda.
1.2. Gazetaning Muassisi — uning noshiri hisoblanadi.
1.3. Ixtisoslashuvi — ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy, adabiy-badiiy yoshlar nashri.
1.4. Gazeta har oyda ikki marta o‘zbek, rus va ingliz tilida A-2 bichimda 4 sahifada, keyinchalik A-2 bichimda 8-16 sahifada, rangli chop etiladi.
1.5. Gazetaning tarqatilish usuli — obuna orqali, shartnoma asosida ish yurituvchi jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar. Tarqatiladigan hududi — Buxoro viloyati.
1.6. Tahririyat faoliyatida o‘z Nizomi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa huquqiy hujjatlar asosida yuritadi.
1.7. Muassis Gazetani nashr etish, uni tarqatish hamda ushbu Nizomda ko‘rsatib o‘tilgan faoliyatni bajarish uchun Gazeta (bundan buyon matnda “Tahririyat” deb yuritiladi) bilan o‘zaro shartnoma tuzadi.
1.8. Tahririyatning pochta manzili: Buxoro shahri, I. Mo‘minov, 27-uy, Tel.-faks: 770-00-56.
1.9. Tahririyatning elektron manzili: buxoroyoshlari@umail.uz
1.10. Tahririyat yuridik shaxs hisoblanadi va bank muassasasida hisob raqamiga, o‘z dumaloq muhr va burchak shtampiga ega.

2. TAHRIRIYaTNING MAQSAD VA VAZIFALARI

2.1. Tahririyat maqsadlari:
— viloyat yoshlarini milliy istiqlol g‘oyasi ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shish, ularning ma’naviy dunyoqarashini boyitish, yoshlarning huquqiy demokratik jamiyat qurishda tutgan o‘rni, ularning orzu-umidlari, yutuq hamda bunyodkorlik ishlarini targ‘ib qilish, yoshlar va bolalar ijodini keng yoritish, yosh ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ijodiy imkoniyatlarini kengaytirish, adabiy maslahatlar berish, bundan tashqari, ular faoliyatini ommalashtirish, dolzarb muammolar echimini topishda ko‘maklashish, mazkur sohani keng va atroflicha yoritish, mamlakat va jahon yoshlari hayoti bilan tanishtirish;
— O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy, ma’rifiy, ma’naviy, adabiy hayotida sodir bo‘layotgan yangilik va o‘zgarishlarni hamda dunyoda ro‘yo berayotgan voqea va hodisalarni xolisona yoritish;
— milliy va ma’naviy qadriyatlar, an’analarni izchil targ‘ib qilish, ular faoliyatini takomillashtirish orqali ijtimoiy va ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga ko‘maklashishga qaratilgan izchil chora- tadbirlarni gazeta sahifalarida keng yoritish;
— O‘zbekiston Respublikasining yoshlar siyosatiga oid qonunlari matnlarini, Muassis hamda uning hududiy bo‘limlari faoliyatiga doir materiallarni e’lon qilish;
— internet, xorijiy va Respublika ommaviy axborot vositalarida yoshlar masalasi va tashabbuslariga oid chop etilgan qiziqarli, dolzarb materiallarni, chet el nashrlarida chop etilgan va milliy mafkuraga zid bo‘lmagan materiallarni tarjima qilib, belgilangan tartibda yoritish.

2.2. Tahririyat vazifalari:
— maqola va ma’lumotlarning yuksak professional darajada tayyorlanishini, ularning xolisligi va to‘g‘riligini ta’minlaydi;
— tarixiy, umuminsoniy, ma’naviy madaniy qadriyatlarni, milliy an’analarni targ‘ib qiladi, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, yoshlar masalasiga oid siyosatning maqsad va yo‘nalishlarini keng yoritib boradi;

— mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, ijtimoiy va iqtisodiy xo‘jalik sub’ektlari to‘g‘risida maqolalar uyushtiradi;
— tijorat va notijorat asosida reklamalar va boshqa e’lon turidagi xabarlarni qabul qiladi, axborot faoliyatini yuritadi hamda gazeta sahifalariga joylashtiradi;
— adabiy-badiiy ilovalar, alьbomlar chiqaradi;
— matn terish, maketlashtirish hamda turli matbaa mahsulotlarini belgilangan tartibda chop etish va sotish bilan shug‘ullanadi;
— yosh ijodkorlar, qalamkashlar uchun adabiy-badiiy to‘garaklar tashkil etib, ular faoliyatini yuritadi;
— ijodiy jamoada qulay ish sharoitini yaratadi, xodimlarning o‘z xizmat vazifalarini bajarishi uchun zarur bo‘lgan texnika vositalari va boshqa jihozlar bilan ta’minlaydi;
— mehnat va ishlab chiqarish intizomini mustahkamlaydi;
— xodimlarning ijodiy muvaffaqiyatlarini ma’naviy va moddiy jihatdan rag‘batlantirib boradi, ularning kasbiy mahoratini oshirishga ko‘maklashadi, turmush sharoitlarini yaxshilash to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi;
— O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida ta’qiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi.

3. MUASSISNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

Muassis — boshqaruvning oliy organi hisoblanadi. U Tahririyat faoliyatining har qanday masalalari va qarorlarini qabul qilish vakolatiga egadir.

3.1. Muassis huquqlari:
— Tahririyatning ta’sis hujjatlarini ishlab chiqilishida ishtirok etish;
— Tahririyatning Ustaviga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;
— Tahririyatni tartibga solib turuvchi boshqa hujjatlarni tasdiqlash va o‘zgartirish kiritish;
— Gazeta Bosh muharririni lavozimiga tasdiqlash va uni lavozimidan ozod etish;
— Tahririyatga Muassisning faoliyatini xolisona yoritishda yaqindan ko‘mak berish;
— Gazeta sahifasida qonun hujjatlarida belgilangan hajmdagi, reklama tusida bo‘lmagan xabar yoki materialni o‘z nomidan bepul joylashtirish;
— ommaviy axborot vositasining ro‘yxatda qayd etilgan nomidan foydalanish va uni tasarruf etish;
— Tahririyatning boshqaruv organlarini shakllantirishda ta’sis shartnomasi, Tahririyat Ustavi (Nizomi) va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishtirok etish;
— Gazeta Bosh muharriri, Bosh muharrir tomonidan lavozimga tasdiqlangan Tahririyat xodimlarini, tahrir hay’ati a’zolarini rag‘batlantirishda ishtirok etish va qo‘llab-quvvatlash;
— Tahririyat faoliyatini to‘xtatib turish va tugatish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;
— Foydani taqsimlashda va zararlarning o‘rnini qoplashda ishtirok etish;
— Tahririyatning faoliyati tugatilgan taqdirda, kreditorlar bilan hisob-kitob qilinganidan keyin qolgan mol-mulkni yoki uning qiymatini qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda olish;
— shuningdek, Muassisning zimmasiga qonun hujjatlariga muvofiq, boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

3.2. Muassis majburiyatlari:
— Muassis Tahririyatni tashkil etadi, Tahririyat Nizomini tasdiqlaydi;
— Tahririyat bilan shartnoma tuzadi;
— OAV chiqarilishini hamda OAV to‘g‘risidagi Qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlaydi;
— Tahririyat xodimlari o‘z ish faoliyatini yuritishlari uchun xona va jihozlar, shuningdek, moddiy-texnik va transport vositalari bilan ta’minlaydi;

— Gazeta reklamasi va obunasini tashkil etish, tarqatish va sotishda ko‘maklashadi;
-Tahririyat tomonidan o‘tkaziladigan turli ommaviy tadbirlar, aktsiyalar, ijodiy ko‘rik-tanlovlarni tashkil etishni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi;
— Agar Muassisning ustav fondida chet el investitsiyalari ulushi O‘zbekiston Repsublikasi “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonuni 8-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan, ya’ni Ustav fondida chet el investitsiyalarining ulushi o‘ttiz va undan ortiq foizini tashkil etgan yuridik shaxslar tomonidan ommaviy axborot vositalari ta’sis etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Muassisning ustav fondida chet el investitsiyalari ulushi chegaradan ortib ketgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi tomonidan belgilangan vakolatli davlat organini xabardor etiladi;
— Muassisning zimmasida Qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
3.3. Muassis ommaviy axborot vositasining faoliyatini tsenzura qilmaydi va Tahririyatning ijodiy faoliyatiga aralashmaydi.

4. TAHRIRIYATNING HUQUQ VA MAJBURIYaTLARI

4.1. Tahririyat huquqlari:
— mustaqil ijodiy faoliyat yuritish;
— amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq axborotni izlash, olish, to‘plash va chop etishga berish;
— Gazetani tayyorlash, chop etish;
— o‘z mahsulotini va xizmatlarini o‘zaro kelishilgan narxlarda va tariflarda realizatsiya qilish;
-taqdim etilgan materiallar, reklama va e’lonlarning chop etilishini belgilash yoki ularni chop ettirishni rad etish;
— belgilangan tartibda ilovalar chiqarish, bosmaxona tashkil qilish va boshqa matbaa mahsulotlarni chop etish, yuridik va jismoniy shaxslar bilan, shu jumladan, homiylar bilan shartnoma asosida ish yuritish:
— Muassisning transport vositalaridan, binolaridan, qurilmalari va boshqa texnika vositalaridan, mol-mulkidan foydalanish;
— xodimlarni muayyan ishlarni bajarishlari uchun shartnoma asosida vaqtincha ishga qabul qilish;
— Tahririyat ishiga jalb etilgan yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkidan foydalanganlik uchun ularning egalariga haq to‘lash;
— Muassis tomonidan OAVning chiqarilishini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, Muassisning ruxsati bilan ayni shu nomdagi ommaviy axborot vositasini belgilangan tartibda ta’sis etish;
— Tahririyat qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ega bo‘lishi mumkin.

4.2. Tahririyat majburiyatlari:
— axborot olish, materiallarni tayyorlash va jurnalistika faoliyatiga oid harakatlarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonuni hamda sohaga doir boshqa normativ huquqiy hujjatlarga amal qilish;
— Tahririyat xodimlari (shuningdek, Tahririyat buyurtmasi asosida material taqdim etgan jamoatchi muxbirlar)ning ijodiy faoliyat ko‘rsatishi uchun gonarar (qalam haqi) tizimini joriy etish;
-shtatlar jadvalini ishlab chiqish, o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, uni taqsimlash hamda Muassisga kelishish uchun taqdim etish;
-xodimlarning samarali faoliyat ko‘rsatishlari uchun ularni moddiy qo‘llab- quvvatlash, qulay sharoit va imkoniyatlar yaratib berish;
— faoliyatga doir ma’lumotlar oshkor qilinmasligi choralarini ko‘rish;
— ommaviy axborot vositasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmasdan turib, o‘z faoliyatini boshlamaslik;

— favqulodda vaziyatlar to‘g‘risidagi shoshilinch xabarlar yoki davlatning vakolatli organlari tomonidan jamoatchilikka tezkorlik bilan etkazilishi lozim bo‘lgan xabarlarni gazetada bepul e’lon qilish;
-materiallarni tayyorlashda ishlatiladigan ma’lumotlar ishonchliligi, axborot xolisligini tekshirish hamda e’lonlar haqqoniyligini ta’minlash choralarini ko‘rib borish;
— Gazeta sonlaridagi maqolalarning ma’no-mazmuni tushunarli hamda dolzarbligini ta’minlash, uni belgilangan talab darajasida bo‘lishiga erishish.
4.3. Tahririyat o‘z faoliyatini to‘liq xo‘jalik asosida amalga oshiradi, o‘z xo‘jalik faoliyatining natijasi bo‘yicha Muassis oldida mas’ul bo‘ladi, jismoniy va yuridik shaxslar oldida ular bilan tuzilgan shartnomalar doirasida javobgar bo‘ladi.
4.4. Tahririyat o‘z majburiyatlari bo‘yicha jarimaga tortilishi mumkin bo‘lgan holda o‘z mol-mulki bilan javob beradi.
4.5. Tahririyat yuridik va jismoniy shaxslar bilan hisob-kitoblarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiradi.
4.6. Tahririyat buxgalterlik va statistik hisob-kitoblarni yuritadi.
4.7. Tahririyat o‘z mahsulotlarining iste’molchilari huquq va qonuniy manfaatlariga rioya etadi.
4.8. Gazetaning moliyaviy faoliyatini Tahririyat olib boradi. Jismoniy va yuridik shaxslar ular bilan Gazeta faoliyatiga doir shartnomalar tuzadi.
4.9. Tahririyat Gazetani chop etish bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshiradi, o‘z faoliyatining natijasi bo‘yicha Muassis oldida mas’ul bo‘ladi.
4.10. Muallifning maqolalari hamda xatlardan foydalanayotganda ularni tahrir qilish, qisqartirish tahririyatning huquqi hisoblanib, ularning mazmuni saqlab qolinishini qonunda belgilangan tartibda amalga oshiradi.
4.11. Tahririyatga rag‘batlantirish asosida jamoatchi muxbirlar va yosh jurnalistlarni jalb etadi.
4.12. Muassisning maqolalari, murojaatlari, reklama va e’lonlari Tahririyat tomonidan birinchi navbatda e’lon qilinadi.
4.13. Gazeta sahifalarida:
— O‘zbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat qilish;
— urush, zo‘ravonlik va terrorizmni, shuningdek, diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik, odam va bolalar savdosi g‘oyalarini targ‘ib qilish;
— davlat siri bo‘lgan ma’lumotlarni yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirlarni oshkor etish;
— milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi axborot tarqatish;
— agar qonunda boshqacha qoidada nazarda tutilmagan bo‘lsa, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targ‘ib qilish;
— pornografiyani targ‘ib etish;
-fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini tahqirlashga yo‘l qo‘yilmaydi;
— shuningdek, muayyan ish bo‘yicha sud hukmi, qarori chiqmasdan turib yoki sudning hukmi, qarori qonuniy kuchga kirmay turib, surishtiruv yoki tergov materiallarini e’lon qilish ta’qiqlanadi.
4.14. Tahririyat qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarga ega bo‘lishi mumkin.
4.15. Tahririyat Muassisning, Muassis Tahririyatning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi.

5. TAHRIRIYATNI MOLIYaLAShTIRISh MANBAALARI

5.1. Tahririyat o‘z faoliyatini iqtisodiy mustaqillik asosida va xo‘jalik hisobida amalga oshiradi. Zarur bo‘lganda Muassis mablag‘i Tahririyat iqtisodini mustahkamlashga jalb etiladi.

5.2. Tahririyatning mol-mulki o‘z faoliyati davomida orttirilgan mablag‘ hamda mol-mulkdan tarkib topadi. Ularning qiymati Tahririyat balansida qayd etib qo‘yiladi.
Tahririyat quyidagi manbaalardan moliyalashtiriladi:
— Gazeta obunasi va erkin savdoda sotilganidan tushadigan daromad;
-Muassis ajratadigan mablag‘lar;
— reklama va e’lonlar xizmatlaridan tushgan tushumlar;
— yuridik va jismoniy shaxslar, homiylar beradigan mablag‘lar;
— banklar va boshqa moliyaviy tashkilotlar kreditlari va grantlari;
-qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lmagan va qonun hujjatlarida ta’qiqlanmagan boshqa manbaalar hisobidan shakllantiriladi.
Tahririyat mustaqil moliyaviy ish yuritadi.
U o‘z daromadlarini quyidagi maqsadlarga safarbar etadi:
— gazetani rivojlantirish uchun;
— ish haqi hamda ijtimoiy muhofaza xarajatlari uchun.

5.3. Tahririyat xo‘jalik faoliyatining moliyaviy ko‘rsatkichi uning foydasi hisoblanadi. Tahririyat olgan foydadan soliqlarni va byudjetga boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lab boradi. Shuningdek, jarimalar, neustoykalar to‘lanadi, qolgan qismidan esa iste’mol fondi va jamg‘arma fondi hosil qilinadi.
5.4. Iste’mol fondidan Tahririyat xodimlarining mehnat haqi, qalam haqi (gonarar), shuningdek, bayram va mukofot pullari, davolanish uchun, xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun to‘lanadi. Tahririyat xodimlari ish haqining eng kam miqdori O‘zbekiston Respublikasida belgilangan eng kam ish haqidan oz bo‘lishi mumkin emas.
5.5. Tahririyat mehnat jamoasiga xizmat ko‘rsatayotgan, lekin Tahririyat tarkibiga kirmagan, masalan, talaba-yoshlar va jamoatchi muxbirlar, tibbiy, bolalar, madaniy-maishiy, o‘quv va sport muassasalari va boshqa tashkilot xodimlarini moddiy rag‘batlantiradi va ularga qalam haqi to‘lab boradi.
5.6. Tahririyat Gazetaning narxini mustaqil belgilaydi, boshqa xizmatlarning haqini ham o‘zi belgilaydi.

6. TAHRIRIYATNING BOShQARUV ORGANLARINI ShAKLLANTIRISh TARTIBI

6.1. Tahririyatga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi tomonidan tayinlanadigan Bosh muharrir rahbarlik qiladi.
Tahririyat o‘z kasb faoliyatiga mustaqildir.
6.2. Tahririyat Bosh muharrir va bosh muharrir tomonidan ishga qabul qilingan xodimlar jamoasidan iboratdir.
6.3. Tahririyat Gazeta ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin o‘z faoliyatini boshlaydi.

6.4. Bosh muharrir:
— Muassis tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
— Tahririyatga rahbarlik qiladi, ommaviy axborot vositasining chiqarilishi to‘g‘risida qaror qabul qiladi va uning faoliyati uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgar hisoblanadi.
— Qonun hujjatlari va ta’sis hujjatlariga muvofiq ommaviy axborot vositasining Muassisi, tarqatuvchisi, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari hamda boshqa yuridik va jismoniy shaxslar bilan munosabatlarda, shuningdek, sudda Tahririyat nomidan ish yuritadi;
-Tahririyat jamoasining faoliyati uchun nashrni saqlab turishiga mo‘ljallangan moddiy va pul mablag‘larining to‘g‘ri sarflanishi uchun mas’uldir;
— ichki tartib-qoidalarni belgilaydi, qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda ichki xo‘jalik yuritish, gazetada reklama joylashtirish tartiblarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

— xodimlarni ishga qabul qilish, ularni moddiy rag‘batlantirish hamda ularga intizomiy choralarni qo‘llash, mehnat ta’tillari berish, xizmat safarlariga jo‘natish, ijtimoiy himoyalash bo‘yicha qarorlar qabul qiladi.

6.5. Tahrir hay’ati:
— Bosh muharrir Tahrir hay’ati a’zolarini tasdiqlash uchun Muassisga nomzodlar taqdim etadi;
— Tahrir hay’ati Gazetaning ijodiy istiqboli masalalari bilan shug‘ullanadi;
— Tahrir hay’ati jamoatchilik asosida ish yuritadi.

6.6. Tahririyat xodimlari:
-Tahririyat shtatida turgan, materiallarni to‘plash, tahrir, tahlil qilish, tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi shaxslar, shuningdek, texnik xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar jamoasi hisoblanadi;
— yagona namunadagi guvohnoma beriladi;
— Gazeta sahifalariga joylashtirishda ma’lumotlar, axborot va e’lonlar haqqoniyligi, ishonchliligi va xolisligini ta’minlaydi, tekshiradi;
— Gazetaning badiiy saviyasi, unda berilayotgan materiallarning qonunchilikka mosligi, Gazetaning dizayni va o‘qimishliligini o‘rganadi, muhokama qiladi.

6.7. Taftish komissiyasi:
— Tahririyat faoliyatini hamda uning bo‘limlari ishini tekshirish uchun Muassis tomonidan taftish komissiyasi tuziladi. Taftish komissiyasi jamoatchilik asosida ishlovchi uch kishidan iborat bo‘ladi va uch yil faoliyat ko‘rsatadi;
— Muayyan faoliyatni taftish qilish, moliyaviy faoliyatni tahlil qilish hamda uni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
— Gazeta manfaatlari uchun xavf tug‘ilsa yoki mansabdor shaxslar tomonidan suiste’molchilikka yo‘l qo‘yilgani aniqlansa, buni Muassisga ma’lum qiladi.

7. BOSh MUHARRIR VA XODIMLAR O‘RTASIDAGI MUNOSABATLAR

7.1. Bosh muharrir Muassis tomonidan ishga qabul qilinadi va vazifasidan ozod etiladi. Bosh muharrir o‘z vakolati doirasida Tahririyatga xodimlarni ishga qabul qiladi va vazifasidan ozod etadi. Tahrir hay’atiga, Tahririyat jamoasiga rahbarlik qiladi. Gazetaning har bir sonini bosish uchun ruxsat berib, sahifalarni imzolaydi.
7.2. Muassisning qarorlari bajarilishini tashkil etadi hamda ushbu Nizomga asosan ish yuritadi.
7.3. O‘zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasiga qat’iy asoslangan holda ommaviy axborot vositalaridan g‘arazli maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi uchun Bosh muharrir qonunda belgilangan tartibda javobgar hisoblanadi.
7.4. Gazetaning har bir sonining mazmunli tayyorlanishi hamda materallarning bosmaxonaga o‘z vaqtida topshirilishi uchun Bosh muharrir mas’ul hisoblanadi.
7.5. Tahririyat xodimlari qonunda belgilangan barcha huquqlardan foydalanadilar. Gazetaning o‘qimishli bo‘lishi hamda viloyat yoshlari va aholisi o‘rtasida hurmat qozonishiga harakat qiladilar, mehnat shartnomasiga qat’iy rioya qiladilar.
7.6. Tahririyat xodimlari o‘zlari tayyorlagan va materallarning haqqoniyligi uchun belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
7.7. Bosh muharrir Tahririyat xodimlarining o‘z vazifalarini bajarishi, ichki mehnat tartib qoidalariga amal qilinishi uchun mas’ul bo‘ladi. Xodimlar tomonidan mehnat qonunchiligi buzilgan taqdirda belgilangan tartibda intizomiy jazo choralarini qo‘llaydi.

8. UChINChI ShAXSLAR BILAN MUNOSABATLAR

8.1. Tahririyat Gazeta faoliyati bilan bog‘liq uchinchi shaxslar bilan munosabatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zi amalga oshiradi.
8.2. Tahririyat jismoniy va yuridik shaxslar (obunachilar, nashriyotlar, matbuot tarqatuvchi korxonalar, reklama beruvchilar) bilan shartnomalar tuzadi, tuzilgan shartnomalarning qonunchilikka mosligi va bajarilishi yuzasidan javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi.
8.3. Bosh muharrir va Tahririyat uchinchi shaxslar bilan Tahririyat Muassis bergan vakolat doirasida Muassis nomidan ish ko‘rishi mumkin.

9. FOYDANI TAQSIMLASh VA ZARARLARNING O‘RNINI QOPLASh TARTIBI

9.1. Tahririyat faoliyati natijasida olingan foyda har bir moliya choragi va yilining so‘nggida aniqlanib, xo‘jalik faoliyatidan kelgan tushumlardan, moddiy va unga muqobil xarajatlar hamda mehnatga haq to‘lash xarajatlari to‘langandan so‘ng ortgan qiymatdan tashkil topadi.
9.2. Tahririyat faoliyatining natijasida olingan daromadning asosiy qismi Tahririyat ishlarini rivojlantirish, yangi texnikalar xarid qilish, Gazeta faoliyatini reklama qilishga, mualliflar auditoriyasini kengaytirishga sarflanadi.
9.3. Zararlar o‘rnini qoplash uchun Tahririyat tomonidan qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda zaxira fondi tashkil etiladi. Zaxira fondi Tahririyat faoliyati natijasida olingan foyda hisobiga ko‘paytirilishi mumkin.
9.4. Tahririyatning daromadlarini taqsimlash va zararlarini qoplash tartibi, Tahririyat faoliyatiga dahldor bo‘lgan har qanday masalani hal etish yoki ko‘rib chiqish masalasi Tahririyat jamoasi umumiy yig‘ilishida muhokama qilinadi va bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.

10. GAZETA ChIQARILIShINI TO‘XTATIB TURISh YoKI TUGATISh ASOSLARI VA TARTIBI

10.1. Ommaviy axborot vositasining chiqarilishi to‘xtatib turish yoki tugatish ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning da’vo arizasi asosida sud qaroriga binoan amalga oshiriladi.
10.2. Muassis Gazetaning chiqarilishini Tahririyat Nizomi va Muassisning qarori asosida to‘xtatib turish va tugatishga haqlidir.
10.3. Muassis Gazetaning chiqarilishini to‘xtatib turish yoki tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgandan keyin o‘z qarori haqida ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organni uch kun ichida yozma shaklda xabardor etadi. Mazkur xabarnoma ushbu ommaviy axborot vositasi chiqarilishining to‘xtatib turilishi yoki tugatilishidan oldingi, so‘nggi chiqarilishlaridan birida joylashtiriladi.
10.4. O‘zbekiston Respublikasi “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun”ning 24-moddasi talablariga ko‘ra, OAVning chiqarilishini sud qaroriga ko‘ra, to‘xtatib turish ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan Tahririyatga nisbatan chiqarilgan ogohlantirishga sabab bo‘lgan qonun hujjatlari buzilishi takroriy yozma ogohlantirishdan keyin bir oy ichida bartaraf etilmagan taqdirda amalga oshiriladi.
10.5. Gazeta chiqarilishini qayta boshlash ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ aniqlangan qonun hujjatlari buzilishi bartaraf etilganligini tasdiqlovchi ma’lumotlar Muassis yoki Tahririyat tomonidan sudga taqdim etilgandan keyin sud qaroriga asosan amalga oshiriladi.
10.6. Gazetaning chiqarilishini tugatish to‘g‘risida sud tomonidan qaror qabul qilish uchun quyidagilar asos bo‘lishi mumkin:
— “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonun hujjatlari Tahririyat tomonidan muntazam ravishda buzib kelinganligi, bu haqda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan Muassis va Tahririyat nomiga yozma ogohlantirishlar yuborilganligi;

— sudning OAVni chiqarishni to‘xtatib turish haqidagi qarori bajarilmaganligi;
— OAVning olti oydan ziyod vaqt mobaynida chiqarilmaganligi;
— qonun hujjatlarida belgilangan boshqa hollar.
10.7. Gazetaning chiqarilishini tugatish uning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning haqiqiy emas, deb topilishiga sabab bo‘ladi.
10.8. Muassis tomonidan Gazetani tugatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan taqdirda Tahririyat Muassisning ruxsati bilan ayni nomdagi OAVni belgilangan tartibda ta’sis etishga haqlidir. Bunday hollarda OAVni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish talab qilinadi.
10.9. Tahririyat faoliyati tugatilayotgan taqdirda Muassis tomonidan tuzilgan tugatish komissiyasi Tahririyat rahbarligini zimmasiga oladi va belgilangan muddat ichida Tahririyat faoliyatining tugatilishiga doir barcha ishlarni amalga oshiradi.

11. TAHRIRIYATNI QAYTA TAShKIL ETISh TARTIBI

11.1. Tahririyatning faoliyati Muassis tomonidan yoki Sud qaroriga ko‘ra to‘xtatilishi yoki tugatilishi mumkin.
11.2. Tahririyat tugatilishi ta’sischilar Umumiy yig‘ilishi tomonidan tuziladigan tugatish komissiyasi orqali amalga oshiriladi. Uni o‘tkazish tartibi va muddati hamda da’vo qilish muddatlari qonunlarga asosan ta’sischilar Umumiy yig‘ilishi tomonidan belgilanadi.
11.3. Tahririyat faoliyati Muassis yoki sudning qaroriga ko‘ra to‘xtatilgan yoki tugatilgan taqdirda Bosh muharrir yoki loyiha muallifi tegishli qonunlarga muvofiq qaytadan xuddi shu nomda OAVni ta’sis etish masalasini qo‘yishi mumkin.
11.4. Tahririyatni qayta tashkil etish uchun ushbu tashabbusni bildirgan taraf o‘ziga Muassis tanlash yoki mustaqil ravishda chora-tadbirlar ko‘rish belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan holda yuridik shaxs maqomiga hamda bank hisob-raqamiga muhr va tamg‘asiga ega bo‘lishi mumkin.
11.5. Tahririyatni qayta tashkil etish, ya’ni qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, ajratib chiqarish, o‘zgartirish tartibi Muassis qarori bilan yoki sud qaroriga ko‘ra qonunda ko‘rsatilgan boshqa hollarda amalga oshiriladi.
11.6. O‘zbekiston Respublikasi “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonunning 24-moddasi talabalariga ko‘ra, Gazetaning chiqarilishini qayta boshlash ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ aniqlagan aniqlagan qonun hujjatlari buzilishlari bartaraf etilganligini tasdiqlovchi ma’lumotlar Muassis va Tahririyat tomonidan sudga taqdim etilganidan so‘ng sud qaroriga asosan, amalga oshiriladi.
11.7. Qayta tashkil etilgan Gazeta O‘zbekiston Respublikasi “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonun talablariga binoan, davlat ro‘yxatidan qayta o‘tkazilgandan so‘ng faoliyat boshlaydi.

12. NIZOMNI QABUL QILISh VA UNGA O‘ZGARTIRIShLAR KIRITISh TARTIBI

12.1. Nizom Tahririyat boshqaruvining yuqori organi bo‘lgan Muassis ishtirokidagi Tahririyat Umumiy yig‘ilishida, ularning uchdan ikki qismi kam bo‘lmagan tarkibi ishtirokida qabul qilinadi va Muassis tomonidan tasdiqlanadi. Umumiy yig‘ilishda qabul qilinib, tasdiqlangan Nizom talablariga rioya qilish Tahririyatning barcha xodimlari uchun qanday lavozimda ishlashidan qat’i-nazar majburiydir.
12.2. Tahririyat Nizomiga o‘zgartirish kiritish tartibi Nizomni qabul qilishdagi tartib aosida amalga oshiriladi.
12.3. “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 20-moddasi, 1-qismining 2-5-xatboshlarida, shuningdek, 2-qismida ko‘rsatilgan ma’lumotlar va hujjatlarga muvofiq, Gazeta ro‘yxatdan o‘tkazilgan so‘ng o‘zgartirishlar kiritilgan taqdirda Nizomga o‘zgartirishlar kiritiladi. Bunday holda Gazeta qayta ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

13. NIZOLARNI HAL QILISh TARTIBI

13.1. Tahririyat Muassisi, Bosh muharriri, Tahririyat xodimlari va Tahrir hay’ati a’zolari o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklar va tortishuvlar o‘zaro kelishuv asosida, kelishish imkoni bo‘lmaganda sud orqali hal etiladi.

14. MAJBURIY NAZORAT NUSXALAR

14.1. Tahririyat matbaa korxonasi bilan tuzilgan shartnomalarda davriy bosma nashrning majburiy nazorat nusxalari Tahririyatga, Muassisga, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga, shuningdek, hukumat tomonidan belgilangan ro‘yxatga muvofiq boshqa tashkilotlar va muassasalarga bepul yuborilishini nazarda tutadi va yuborilishi nazoratini ta’minlab boradi.

15. YAKUNLOVChI XULOSALAR

15.1. Tahririyat va uning xodimlari O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan barcha huquqlardan foydalanadi va majburiyatlarni bajaradi. Gazeta davlat nashrlari bilan teng huquqlarga va majburiyatlarga ega bo‘ladi.
15.2. Tahririyatda ish yuritish davlat tilida olib boriladi. Gazeta o‘zbek, rus va ingliz tilida chiqariladi.
15.3.Tahririyatning ijodiy faoliyatiga o‘zga shaxslarning aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Muassisning o‘z vakolatini boshqa shaxsga berishi ta’qiqlanadi.
15.4. Tahririyat rahbariyati va xodimlari Tahririyatning xizmat va tijorat siri bo‘lgan axborotlarni sir saqlashga majburdirlar. Bunday sirlarni oshkor etganlik uchun ular qonunlarda belgilangan tartibda javobgar hisoblanadilar.
15.5. Ushbu Nizom davlat ro‘yxatiga olingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
15.6. Nizomga kiritiladigan barcha o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham davlat ro‘yxatidan o‘tgach, kuchga kiradi.
15.7. Ushbu Nizom 3 (uch) nusxada tuzilgan bo‘lib, ularning barchasi bir xil kuchga egadir.