«Ertalab, peshinda, kechqurun xabar chiqsin» – Aripov axborot xizmatlariga bir haftada bajarilishi kerak bo‘lgan topshiriq berdi

39

Vazirlik va davlat boshqaruv idoralarining OAV bilan aloqalari bo‘yicha selektor o‘tkazgan O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov yig‘ilish so‘ngida qatnashchilarga topshiriq berdi, — deb xabar beradi kun.uz veb-sayti.

«Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari. Prezidentimizning mazkur qarorlari ijrosini ta’minlash uchun quyidagi dasturlarni amalga oshirish zarur bo‘ladi. Birinchidan, vazirliklar, qo‘mitalar, respublika darajasidagi tashkilotlar va mahalliy hokimlik organlari bir hafta muddat ichida Moliya vazirligi bilan hamkorlikda axborot xizmatlarini to‘liq tashkil qilishi kerak.

Ikkinchidan, har bir tashkilotlarning veb-sayt, ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi sahifalarida har kuni kamida uch marta — ertalab, peshinda, kechqurun muhim xabar berilishi shart. Chunki axborot har daqiqada eskiryapti.

Uchinchidan, tashkilotlar veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar orqali matbuot anjumanlari, brifinglar, media-turlar o‘tkazilishi borasidagi oylik, choraklik, yillik media rejalari bo‘lishi shart.

To‘rtinchidan, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi vazirlik, hokimliklar bilan hamkorlikda axborot xizmatlari rahbarlarini attestatsiyadan o‘tkazishni tashkillashtirish.

Beshinchidan, har bir tashkilotning o‘z ijoyib imijini shakllantirish uchun so‘rovnomalar yordamida doimiy jamoatchilik fikrini o‘rganib borishi shart. Bunga ko‘ra jurnalist va blogerlarga axborot etkazib berish va qabul qilinadigan normativ hujjatlarida jamoatchilik fikrini inobatga olish talab qilinadi», — deya Aripovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Aripov tashkilotlarga xorijiy nashrlar uchun ham axborotlar etkazib berish talabini qo‘ydi va bu uchun veb-saytlarning chet tillaridagi versiyasini rivojlantirishni talab qildi. Shuningdek mamlakatdagi xorijiy elchixonalar bilan ham aloqa o‘rnatish hukumat rahbari tomonidan talab etib qo‘yildi.