Buxoroda “Besh tashabbus karvoni” katta bayramga aylandi

74

Davlatimiz rahbari ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish maqsadida yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi. Yoshlarning ertangi istiqboli, ma’naviyatimiz rivoji uchun xizmat qiluvchi ezgu tashabbuslarning amaliyotga tatbiqi Buxoro viloyatida ham qizg‘in davom etmoqda. Bugun bo‘lib o‘tgan “Besh tashabbus karvoni” aksiyasi shu yo‘nalishdagi ishlarga bir misoldir.

Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi O‘.Barnoyev e’tirof etganidek, tashabbus doirasida Shofirkon tumanida 2 ta, Kogon shahri, Kogon, G‘ijduvon, Qorovulbozor va Peshko‘ tumanlarida 1 tadan yangi kitob do‘konlari o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa, bu borada qolgan tumanlarda ham hozirda ish jarayoni ketmoqda.

Buxoro shahrida xalq kutubxonalarini tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan tadbirkorlik sub’ektlari qo‘llab-quvvatlanib, ular tomonidan oliy ta’lim muassasalari hududida, madaniyat va istirohat bog‘lari, aholi gavjum joylarida 9 ta yengil konstruksiyali kitob do‘konlari qurilmoqda. Bundan tashqari, olis va chekka qishloqlarida yengil konstruksiyali “sendvich-panel”dan kichik sport zallari, sun’iy qoplamali sport inshootlari qurish istagini bildirgan 41 nafar tashabbuskor tadbirkorlar aniqlanib, hozirda ularning 14 tasida qurilish ishlari olib borilmoqda. Tashabbus doirasida 8 ta raqamli texnologiyalar va IT-tadbirkorlik o‘quv markazi tashkil etish rejalashtirilgan edi. Ayni vaqtda Kogon shahrida ushbu markaz ish boshladi. Yaqin vaqt ichida Vobkent va Qorako‘l tumanlarida ham xuddi shunday markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bularga qo‘shimcha ravishda mahalliy byudjetdan 1 mlrd 300 mln so‘m mablag‘ ajratilib, qariyb 30 mingta turli mavzudagi kitoblar, 5 mingdan ziyod sport inventarlari, mingdan ortiq musiqa anjomlari xarid qilindi.

Tadbir davomida kitoblar, sport jihozlari va musiqa anjomlaridan iborat jamlanmalar Buxoro shahridagi mavjud 43 ta umumta’lim maktablariga tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, kitoblar, sport jihozlari va musiqa anjomlari ortilgan “Besh tashabbus karvoni” barcha shahar va tumanlarga yo‘l oldi. Tadbir san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari, sportchi yoshlarning ko‘rgazmali chiqishlariga ulandi.

Viloyat hokimligi apparati axborot xizmati