“MEN YULDUZMAN” BUXORODA

48

23 iyul. Buxoro Yoshlar markazi katta zali yosh ashulachilarning ovozlari bilan jonlangan. 2016 yildan beri an’anaviy tarzda respublika miqyosida o‘tkazib kelinayotgan “Yulduzcha” va “Men yulduzman” tanlovlarining saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi. 

Tadbir Yoshlar ittifoqi, Yoshlar media markazi va “Mening Yurtim” telekanali hamkorligida tashkillashtirilgan bo‘lib, yurtimizning eng uzoq hududlaridagi iste’dodlarni ham kashf etishni maqsad qilgan.

— Tanlovda ishtirokchilar qo‘shiqchilikning uch yo‘nalishi: an’anaviy, akademik va estrada yo‘nalishlarida o‘z ovoz imkoniyatlarini namoyish qilishadi. “Yulduzcha”da olti yoshdan o‘n besh yoshgacha, “Men yulduzman”da esa o‘n olti va yigirma besh yosh oralig‘idagi o‘z ijodini ko‘rsatishni istagan yigit-qizlar qatnashadi,- deydi tanlov tashkilotchisi va rejissyori Ravshan Nurmuhammadov.


Tanlovni Qorako‘l tumani 15-bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Firdavs Sunnatov “Qashqarchai safti ushshoq” an’anaviy ijrosi bilan boshlab berdi. Qatnashchilarning ko‘pchiligi an’anaviy ijro yo‘nalishini tanlagani va hayiqmay dadil qo‘shiq kuylayotgani tahsinga loyiq.
Hakamlardan biri O‘zbekiston davlat konservatoriyasi katta o‘qituvchisi Zebo Nazarova: 
— Buxoro — biz hakamlik qilayotgan to‘qqizinchi viloyat bo‘ldi. Tanlovda ishtirok etish uchun yuzdan ortiq arizalar kelib tushibdi. Yosh qo‘shiqchilarning boshqa viloyat yoshlaridan farqi qo‘shiqni usul bilan ijro qilishidadir. 
Ishtirokchilarning aksariyati ustoz ko‘rgan va aynan musiqa maktablarida tahsil olayotganlar ekan. Bu jihat o‘z-o‘zidan saralash jarayonini qiyinlashtiradi, — dedi.


Tanlovning respublika bosqichi avgust oyida bo‘lishi rejalashtirilyapti. Bugungi g‘olib va g‘olibalarimiz ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinadi.


Zuhra ABDUHALIMOVA