Buxoroda Yoshlar kuni keng nishonlandi

57

“Ko‘hna va boqiy Buxoro” majmuasidagi muhtasham amfiteatrda 30 iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, viloyatimizning shahar va tumanlaridan kelgan faol yoshlar qatnashdi.
Tadbir avvalida viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev Prezidentimizning O‘zbekiston yoshlariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Tabrikda tilga olingan har bir jumlani, ayniqsa, “Biz O‘zbekistonning buyuk kelajagini barpo etishga mahkam bel bog‘lagan ekanmiz, bu ulug‘ ishni ertaga emas, bugun boshlashimiz, buning uchun avvalo navqiron yoshlarimizga zarur sharoitlarni aynan bugun yaratib berishimiz kerak”, degan so‘zlarni barcha, xususan, yoshlar davomli olqishlashdi.
Tantanali tadbir davomida “Mard o‘g‘lon” Davlat mukofotiga sazovar bo‘lgan buxorolik yoshlar yana bir bor sharaflandi.
Bayram shodiyonasi bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari, chempion sportchilarning chiqishlari, taniqli san’atkorlar va yosh estrada xonandalarining gala-konserti bilan davom etdi. Vatan, yoshlik, sevgi-muhabbatni tarannum etuvchi dilbar kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarni zavqlantirdi.
Shu kuni Abu Ali Ibn Sino nomidagi favvoralar maydonida ham yoshlar uchun konsert dasturi namoyish qilindi. Shuningdek, “Yoshlar kuni” munosabati bilan viloyatning barcha tuman va shaharlarida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari o‘tkazildi.


Olim Jo‘rayev