Hunarli kishi xor bo‘lmas

291

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 16 oktyabrdagi 834-sonli “Yoshlar tadbirkorlik klasterlarini tashkil etishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan, o‘rta-maxsus kasb-hunar kollejlaridagi foydalanilmay turilgan bo‘sh binoda yosh tadbirkorlik klasterlari tashkil etib kelinmoqda.
Bugun ham Yoshlar ittifoqi Buxoro tuman Kengashi ko‘magida Galaosiyo Pedagogika kollejining foydalanilmay turgan qozonxona binosida yosh tadbirkor Sherali Jo‘rayev rahbarligidagi eshik, deraza romlari va mebel mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “New Star Mebel” MChJning faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ochilish marosimida Yoshlar ittifoqi viloyat va tuman Kengashlari mas’ullari, tuman hokimining o‘rinbosarlari hamda faoliyat yuritayotgan yosh tadbirkorlar ishtirok etishdi.
Sherali Jo‘rayev 1990-yilda tug‘ilgan bo‘lib, dastlab ishni mebel mahsulotlari ishlab chiqarishdan boshlab, hozirgi kunda MDF eshik va romlar ham ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelmoqda.
— Hunarli kishi xor bo‘lmas deganlaridek, bir necha yillardan buyon tuman aholisiga sifatli deraza romlari, mebellar tayyorlab beryapmiz, — deydi yosh tadbirkor Sherali Jo‘rayev. Endilikda esa, faoliyatni kengaytirib, mahsulot ko‘lamini ham oshirishni niyat qilganmiz. Mana yosh tadbirkorlar uchun taqdim etilgan imkoniyatdan foydalanib, ishlash uchun qulay binoga ega bo‘ldik. Maqsad esa bitta. Xalqqa foydamiz tegsin.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, tashkil etilgan klasterda 6 nafar yoshlar doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi. Klaster ishga tushishi natijasida bir oyda o‘rtacha 50 dan ortiq eshik va romlar, mebel mahsulotlari ishlab chiqariladi.